O‘zbekiston Prezidenti saylovi okruglari tuzildi – Қонунчилик муаммолари институти
Сайловга оид янгиликлари Янгиликлар
2021-yil 9-avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarini tuzish va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda muhokama qilinadigan birinchi masala bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Qo‘chqorov ma’lumot berdi, u yig‘ilish qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun saylov okruglarini tuzish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari, ularning vazifalari, tuziladigan okruglar ro‘yxati, ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalari joylashgan joy haqida ma’lumot berdi.

Har bir saylov okrugidagi saylovchilar soni yig‘ilish o‘tkazilgan sanagacha saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimining ma’lumotlari asosida aniqlangan.

Okrug saylov komissiyalarining joylashuvi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ta’minlanadi.

Saylov kodeksining 9 -moddasiga muvofiq,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 14 ta saylov okruglari tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Saylov okruglari ro‘yxati, ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashuvi ko‘rsatilgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi.

Yig‘ilishda, shuningdek, OAV vakillarini akkreditasiya qilish masalasi ham muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro aloqa qilish, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, saylovoldi tashviqoti davrida ob’yektiv ma’lumotlarni keng qamrovda, tezkor va mustaqil tarqatish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

Saylov kodeksining 35 moddasiga muvofiq, ommaviy axborot vositalari vakillari bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida hamda ovoz berish natijalarini sanab chiqish jarayonida ishtirok etish huquqiga ega. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari vakillarining bu kabi vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak.

Qonunchilik talablariga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish jarayoni boshlangan. Ommaviy axborot vositalari saylov kampaniyasi e’lon qilingan kundan boshlab akkreditasiya qilish uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega. Bu murojaatlarni qabul qilish saylovdan o‘n kun oldin to‘xtatiladi.

Bugungacha Markaziy saylov komissiyasiga akkreditasiyadan o‘tkazishni so‘rab bir qator ommaviy axborot vositalaridan murojaatlar kelib tushgan. Yig‘ilishda 500 dan ortiq OAV vakillariga akkreditasiyadan o‘tkazish bo‘yicha tegishli guvohnomalarni berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Kelgusida OAVdan murojaaatlar bo‘yicha MSK ularning akkreditasiyasini o‘rnatilgan tartibda amalga oshiradi.

www.election.uz

Leave a comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan