Mamlakat hayotidagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri bo‘lgan Prezident saylovi g‘oyat muhim tadbir sifatida barchamizni xalqimiz taqdiri, buguni va ertangi istiqboli qat’iy tanlovni belgilashga da’vat etmoqda. Har bir saylovchining ovozi zamirida mamlakatning ertasi, avlodlar kelajagi va fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy haq-huquqlari mujassam ekanligi mazkur siyosiy tadbirningalohida ahamiyatini ko‘rsatadi.
Mamlakatimiz aholisi joriy yilning 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadiganPrezident saylovini ijtimoiy faollik bilan kutayotgani bejiz emas. Yurt ertasi, kelajak bunyodkorlari bo‘lgan yosh avlodning saylovlardagi faol ishtiroki, ularning o‘z siyosiy va huquqiy madaniyatini munosib ko‘rsata olishi g‘oyat muhimdir.
Shu bois, ayni kunlardaRespublikamizda “Yosh saylovchi” loyihasi o‘z ishini boshlagan. Kuni kecha Farg‘ona davlat universitetida bo‘lib o‘tgan hududiy trenerlarning ta’sis yig‘ilishida ham yuqoridagi masalalar kun tartibida bo‘ldi. Mamlakatning barcha hududlaridagi yoshlarni qamrab olishni ko‘zlagan mazkur loyiha maqsadi – yoshlarning siyosiy jarayonlar borasidagi mustaqil qarashlarini o‘rganish va qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, saylov qonunchiligi bo‘yicha egallagan bilimlarini oshirish, yigit-qizlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishdan iborat.
Loyihaning hududiy trenerlari hozirgi kunga qadar Respublikamizning Jizzax, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo, Andijon, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, u yerda markaz va eng chekka tumanlar yoshlari bilan uchrashuvlar, seminar-treninglar, muloqotlar tashkil etdilar. Viloyatlar yoshlari bilan uchrashuvlar chog‘ida ularni yangicha fikrlashga, yangi-yangi g‘oyalarni dadil o‘rtaga tashlab, ularni amalga oshirishga, muammolarni ijodiy va nostandart yondashuvlar asosida hal etishga, mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga dahldorlik tuyg‘usini his etishga o‘rgatib bordilar.
Endilikda Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, F.Otaxonov hamda mazkur institut bo‘lim mudiri G‘.Mahammadjanovlar boshchiligida davom etayotgan siyosiy o‘quvlar -yoshlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlariga imkon yaratish, ularning davlat va jamiyat to‘g‘risidagi qarashlari, munosabatlarini yuzaga chiqarish va fuqarolik huquq va burchlarini o‘rgatish vazifalarini o‘z oldiga qo‘ygan.