Joriy yilning 27 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hududlar iqtisodiyoti, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi yakunlari muhokama etildi hamda mazkur tashrif davomida belgilangan vaziflar yuzasidan fraksiya oldida turgan dolzarb vaziflar belgilab olindi.
Shuningdek, deputatlar tomonidan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning hamda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari mustahkamlanib, ularni ta’minlashga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilindi. Shu bilan birga, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirilib, ular huquqlarining buzilishi va bunday huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi vaqtlarda uchrayotgan xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini buzish bilan bog‘liq salbiy holatlar ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Mehnat va Oila kodekslariga, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga va boshqa bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:
Xususan, qonun loyihasi orqali tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash, chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish va O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqini cheklash bo‘yicha ma’muriy choralarini qo‘llamaslik, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilyapti.
Yig‘ilishda deputatlar tomonidan qonunning qabul qilinishi xotin-qizlar va bolalar huquqlari, ularning erkinliklarini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlanib, qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.