Olimlik – Alloh nuri tajassum etgan ulug‘ bir martaba. Bu martabadan jamiyatning butun vujudiga ziyo taraladi.
Shavkat MIRZIYOЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Akademik A’zamxo’jaev Anvar A’zamovich hayot bo’lganida 2023 yil 17 fevral` kuni 95 yoshga to’lar edi. Ustoz Toshkent shahrida 1928 yil 17 fevralda tavallud topib, 1994 yil 19 iyunda vafot etgan.
Anvar A’zamovich bilan ilmiy, tashkiliy va huquqiy yo’nalishlarda hamjihatlikda ishlaganmiz. Shuning uchun ustoz hayoti va faoliyatining o’zim yaqindan bilgan ayrim jihatlariga muxtasar to’xtalaman.
Birinchidan, Anvar aka A’zamxo’jaev haqiqiy o’zbek ziyolisi edi. Huquqshunos olim bo’lishiga qaramay, akademik shoir G’afur G’ulom, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov, taniqli san’atkor Zikir Muhammadjonov kabi turli sohalarning yorqin namoyandalari bilan yaqin do’st bo’lgan.
Ustoz 1973 yilda Abu Rayhon Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan, 1978 yilda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi faxriy unvoniga sazovor bo’lgan.
Ma’lumki, 1989 yil 24 oktyabrda “O’zbekiston SSR Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingani munosabati bilan uning qoidalarini jamiyat hayotining hamma tomonlariga bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari ko’zda tutilgandi. Respublika hukumati ushbu qonunni amalga oshirish bo’yicha Komissiya tuzgan, o’sha paytda Toshkent davlat universiteti kafedra mudiri lavozimida ishlagan Anvar A’zamxo’jaev ushbu Komissiya raisining o’rinbosarlaridan biri sifatida faoliyat olib borgan.
Ikkinchidan, A.A’zamxo’jaev yirik huquqshunos olimdir. U 1949 yilda Toshkent yuridik institutini (hozirgi Toshkent davlat yuridik universitetini) tugatgan, 1964 yilda yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini yoqlagan, 1966 yilda professor ilmiy unvonini olgan, 1968 yildan esa O’zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi bo’lgan.
Domla uzoq yillar davlat huquqi, milliy davlat qurilishi nazariyasi va tarixi, konstitutsiyaviy hamda ma’muriy huquq sohalarida tadqiqotlar olib bordi. U huquqshunoslik va adliya masalalari bo’yicha bir qancha darslik va o’quv-metodik asarlar muallifidir. Xususan, A.A’zamxo’jaevning “O’zbekiston SSR Konstitutsiyasining rivojlanishi” (Sh.O’razaev bilan hammualliflikda; Toshkent, 1957), “O’zbekiston SSRda ta’lim va taraqqiyot” (Toshkent, 1971) hamda “O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining huquqiy asoslari” (Toshkent, 1993) kitoblari shular jumlasidan.
eng muhimi, akademik A.A’zamxo’jaev o’zbek ma’muriy huquqining asoschisi hisoblanadi. Atoqli huquqshunos olim bu borada o’z maktabini yaratgan, ko’plab shogirdlar etishtirgan.
Uchinchidan, akademik A.A’zamxo’jaev mohir fan tashkilotchisi ham edi. Domlaning o’zbek huquqshunoslik fani ravnaqiga, yuqori malakali yurist-olimlar, amaliyotchi mutaxassislar tayyorlash ishiga qo’shgan ulkan hissasi bu fikrimizni tasdiqlaydi.
Domla o’zlari tahsil olgan Toshkent yuridik institutida 1952–1955 yillarda o’qituvchi, dotsent bo’lib ishlagan. So’ngra 1964–1965 yillarda ToshDU (hozirgi O’zbekiston Milliy universiteti) prorektori vazifasini bajaruvchi, 1971–1985 yillarda ushbu Universitet yuridik fakul`tetining dekani, 1991–1993 yillarda esa Toshkent davlat yuridik instituti rektori lavozimlarida xizmat qilgan.
To’rtinchidan, Anvar A’zamovichning davlat arbobi maqomidagi faoliyati alohida e’tiborga molikdir. Xususan, ustoz 1965–1966 yillarda O’zbekiston Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligida boshqarma boshlig’i, 1966–1970 yillarda esa vazir o’rinbosari bo’lib ishlagan. Shuningdek, 1970–1971-yillarda O’zbekiston Adliya vazirining birinchi o’rinbosari, O’zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumi a’zosi hamda Fanlar akademiyasi kotibi ham bo’lgan.
Beshinchidan, Anvar aka faol jamoat arbobi ham edi. Bu o’rinda, xususan, domlaning O’zbekiston Inson huquqlari bo’yicha milliy qo’mitasi asoschisi ekanini nazarda tutayapman. Ustoz 1993-1994-yillarda raislik qilgan ushbu Qo’mita mamlakatimizdagi ayni sohaga ixtisoslashgan va Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tgan dastlabki nodavlat notijorat tashkiloti edi.
Shuningdek, ustoz ko’p yillar “Pravovedenie” jurnali tahrir hay’atining a’zosi bo’lgan. Bu nufuzli huquqiy jurnal sobiq ittifoq Oliy ta’lim vazirligining davriy nashri hisoblangan.
Oltinchidan, akademik A.A’zamxo’jaev sobiq SSSR Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasining a’zosi bo’lgan. Konstitutsiyaviy institutlarning ahamiyati har bir mamlakatning Konstitutsiyasi bilan belgilanishi ma’lum. Shu ma’noda, ustoz xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy huquqi bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borib, darslik va qo’llanmalar, turli to’plamlar ham nashr ettirgan.
Yana bir tarixiy dalil: O’zbekiston Oliy Sovetining 1990 yil 20 iyundagi qarori bilan Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o’zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgan. Oliy Kengashning 1992 yil 2 iyuldagi qaroriga muvofiq, ushbu Konstitutsiyaviy komissiyaning 71 nafar a’zodan iborat yangilangan tarkibi tasdiqlangan. Komissiyaning har ikki tarkibida ham ustoz bilan o’zaro yaqin hamkorlikda ishlaganmiz.
Konstitutsiyaviy komissiyaning 1991 yil 12 aprelda bo’lib o’tgan birinchi majlisida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo’yicha 32 a’zodan iborat Ishchi guruh tuzilgani yodimda. Ana shu ishchi guruh safida ham domla bilan hamjihatlikda ish olib borganmiz. Anvar aka Asosiy Qonun loyihasining davlat hokimiyatining tashkil etilishiga oid beshinchi bo’limi, men esa ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishiga taalluqli to’rtinchi bo’limini tayyorlashga mas’ul kichik ishchi guruh tarkibida faoliyat yuritganmiz.
Yanada aniq qilib aytganda, akademik A.A’zamxo’jaev O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo’yicha ishchi guruh tomonidan belgilangan dasturning bajarilishiga rahbarlik qilgan va bu ish ustidan nazorat olib borgan. Shu ma’noda, 1992 yilda qabul qilingan Asosiy qonunimizning ishlab chiqilishiga Anvar A’zamovich katta hissa qo’shgan va domlaning bu boradagi ilmiy-amaliy tajribasi hozirgi konstitutsiyaviy islohot jarayonlarida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Xulosa o’rnida Anvar A’zamovichning o’z qobig’iga o’ralashib qolishdan qochadigan, aksincha, sobiq Ittifoq doirasidagi ko’plab mashhur huquqshunos olimlar bilan yaqin hamkorlik qilgan do’stparvar va bag’rikeng inson bo’lganini ta’kidlamoqchiman. Domla nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun ham malakali yuristlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo’shgan.
Domla nihoyatda oilaparvar zot, shogirdlariga g’amxo’r va talabchan ustoz edi. So’nggi suhbatlarimizdan birida: “Birgina afsusim bor: ma’muriy huquq bo’yicha darslik nashr ettira olmaganim armon bo’lib qoldi”, degandi. Bugun Anvar A’zamovichning ko’plab salohiyatli shogirdlari ustozning ana shu armonini ro’yobga chiqarmoqda va umid qilamizki, bundan domlaning ruhlari shod bo’lmoqda.
Akmal SAIDOV,
akademik, yuridik fanlar doktori