Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda Parlament va NNT o‘rni – Qonunchilik muammolari instituti
Yangiliklar

Toshkent shahrida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va aholining bu boradagi xabardorligini oshirish, jamiyatda inson huquqlari va barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan  xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Ushbu davra suhbati mamlakatimizda davom etayotgan “Inson huquqlari haftaligi” doirasida o‘tkazildi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma (Germaniya) bilan hamkorlikda onlayn va oflayn shaklda tashkil etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, akademik hamjamiyat hamda mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

BMT Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiya bir ovozdan ma’qullangandi.  O‘sha yilning 29 dekabrida Oliy Majlis palatalari kengashlarining mazkur rezolyusiyani amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma qarori qabul qilindi.

Qo‘shma qaror bilan 13 ta yo‘nalish bo‘yicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Mazkur hujjat Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan “inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” tamoyili bilan uyg‘un va hamohangdir.

Qo‘shma qaror O‘zbekistonda “Inson qadri, manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar ruhiga mos.  Hujjat, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarini milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga jalb qilish, bu borada aholining xabardorligini oshirish masalalarini qamrab olgan.

Mazkur vazifalarni bajarish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan xalqaro davra suhbatida, jumladan:

  • BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyadan kelib chiqadigan vazifalar;
  • Barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga erishish ustidan parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan foydalanish istiqbollari;
  • 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlanadigan Ixtiyoriy milliy hisobotlar uchun fuqarolik jamiyati institutlarining muqobil ma’ruzalarini tayyorlash;
  • Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyati hamda jamoatchilik xabardorligini oshirish;
  • davlat tashkilotlari faoliyati ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga ko‘maklashish, ijtimoiy hamkorlik va samarali jamoatchilik nazorati masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Ekspertlar O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi yetti yil ichida BMT oliy minbarlaridan umumbashariy muammolar yechimiga oid 10 dan ziyod tashabbus bilan chiqqanini e’tirof etdilar. Eng muhimi, mazkur tashabbuslar Bosh Assambleya tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlangan va ular asosida tegishli rezolyusiyalar qabul qilingan.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, Yangi O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosati xalqaro hamjamiyat va jahonning barcha ilg‘or mamlakatlari tomonidan yakdil e’tirof etilayotganining yorqin ifodasidir.

Tadbirda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha ham atroflicha so‘z yuritildi. Bunda muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish alohida ahamiyatga egaligiga e’tibor qaratildi.

Davra suhbatida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sohasida O‘zbekiston siyosati: parlament, ijroiya hokimiyati va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligining dolzarb masalalari”, “Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida aholining xabardorligini oshirish”, “Barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringi: fuqarolik jamiyati institutlarining ixtiyoriy milliy hisobotlarni ishlab chiqishdagi ishtiroki” mavzularidagi ma’ruzalar tinglandi.

Xalqaro tadbir doirasida “Barqaror rivojlanish markazi” NNT hamda Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma (Germaniya) hamkorligida amalga oshirilgan “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish orqali jamiyatning barqaror rivojlanish maqsadlari haqida xabardorligini oshirish” loyihasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. 

Davra suhbati yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan “Barqaror rivojlanish markazi” NNT, shuningdek, boshqa bir qator davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida Hamkorlik memorandumlari imzolandi.

www.parliament.gov.uz

Leave a comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *