Yurtda tinchlikni, barqarorlikni saqlash o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun ko‘p sinovlarni boshdan o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Yaqin tariximizning o‘tgan davri mobaynida osoyishta hayotimizni izdan chiqarishga urinishlar bo‘ldi.
Mard va jasur harbiylarimiz qahramonlik namunalarini ko‘rsatib, g‘arazli kuchlarga qaqshatqich zarba bergan. Ming afsuski, bu kurashda yuzlab jasoratli harbiylarimiz, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari halok bo‘lgan. Ammo xalqimiz el-yurt uchun jonini fido qilgan o‘g‘lonlarni aslo unutmaydi.
Qahramon o‘g‘lonlar xotirasini abadiylashtirish, ularning oila a’zolariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash davlatimiz, jamiyatimizning e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan, 2018 yildan boshlab, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar farzandlarini oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunga qadar ko‘plab o‘g‘il-qizlarimiz shu asosda oliygohlarda tahsil olgan.
Prezidentimizning joriy yil 13 martdagi “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mudofaa tizimida, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir.
Hozirgi kunda halok bo‘lgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining 270 nafar mehnatga layoqatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olayapti. Farmon bilan har bir oila a’zosi uchun pensiya miqdori 25 foizga oshiriladi. Natijada har bir oila a’zosi o‘rtacha 2 million so‘mdan pensiya oladi.
Vafot etgan xizmatchilarning oila a’zolarining ayrimlarini uy-joyi yo‘qligi bois ijarada yashashga majbur edi. Bundan buyon, muhtoj oilalarga birinchi navbatda turar joy beriladi va imtiyozli ipoteka krediti olish imkoniyati yaratiladi. Oila a’zolariga ijara to‘lovi uchun 1 million 800 ming so‘mgacha pul beriladi. Eng muhimi, halok bo‘lgan xizmatchining farzandlari bog‘cha, kollej, texnikum va oliygohda bepul ta’lim-tarbiya oladi.
Shuningdek, oila a’zosi daromadining soliqdan ozod qilinadigan summasi 2 barobar ko‘payadi. Bu tartib xodimning farzandlariga ham tatbiq etiladi. Natijada marhum xizmatchining oilasi ro‘zg‘orida har oy o‘rtacha 700 ming so‘m qo‘shimcha pul qoladi.
E’tiborli tomoni, bundan buyon ushbu toifadagi xizmatchining oila a’zolari harbiy shifoxonalarda bepul davolanish huquqiga ega bo‘ladi va navbatdan tashqari statsionar tibbiy yordam oladi. Ularga dori-darmon va protez-ortopediya moslamalari olib beriladi, jarrohlik xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi.
Vatanga qasamyod qilgan xizmatchi noxush holatlardan kafolatlanmagan. Bundan buyon, agar xizmatchi o‘z burchini bajarishda halok bo‘lgan taqdirda, uning oilasiga ish haqini 150 baravari miqdorida bir yo‘la nafaqa beriladi.
Halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta to‘lovi 25 million so‘mdan 60 million so‘mga ko‘payadi. Bunday mard insonlarni voyaga yetkazgan ota-onalari, farzandlari doimo yurtimiz ardog‘ida bo‘ladi.
Haqiqatdan ham, keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yanada oshirish maqsadida qo‘shin turlarini yosh va salohiyatli kadrlar bilan to‘ldirish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Bu o‘z navbatida, ularning fidoyilik, burchga sadoqat bilan xizmat qilish, o‘zining professional tayyorgarligini oshirib borishi uchun zamin yaratmoqda.
Har yili yuzlab, minglab uy-joylar qurilib, harbiylar oilalariga foydalanishga topshirilayotgani, to‘lov masalasida imtiyozlar berilayotgani ko‘p yillardan buyon uyma-uy sarson bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar, ularning oilasi o‘z vataniga ega bo‘layotgani ham sohadagi islohotlar samarasidir.
Ishonchim komilki, davlatimiz rahbarining mazkur farmoni ham Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolari, ularning qaramog‘idagi shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Oybarchin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati