2023 yil 28 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri Joxari bin Abdul boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, Bosh qomusga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, Prezidentimizning siyosiy irodasi va tashabbusi bilan davlat boshqaruvida parlamentning roli kuchaytirilayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalishlarda jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urilayotgani qayd etildi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar zamirida “inson qadri uchun”, “xalq manfaati har narsadan ustun” degan g‘oya yotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi faoliyati, norma ijodkorligi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mita ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.
O‘zaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi.
Muloqotda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish, innovatsion texnologiyalar va turizm sohasidagi o‘zaro aloqalarni yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri J.Abdul samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.
— Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari mustahkamlab quyilayotgani, aholining xohish-irodasi, bergan takliflari aks etgani, fuqarolarning farovon yashashiga, davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan normalar kiritilgani e’tirofga loyiq, — dedi J.Abdul. — O‘ylaymanki, o‘zbek xalqi demokratiyaning bir ko‘rinishi bo‘lgan referendumda o‘z javobini aytadi va yangilanayotgan Konstitutsiyaning normalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.