Yangilanayotgan Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlami manfaatlari inobatga olingan – Parlament tadqiqotlari instituti
Yangiliklar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va bir guruh deputatlar Toshkent viloyatida bo‘lib, yangilanayotgan Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati, yangi normalarning ahamiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mazkur jarayonda aholiga Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, vakillik va ijro organlarining o‘rni va roli, asosiy qonunimizning ijtimoiy davlat qurish, oila institutini mustahkamlash, mulkni himoya qilish kabi prinsipial qoidalari haqida keng va atroflicha ma’lumotlar berildi.

Muloqotlarda fuqarolar yangilanayotgan Konstitutsiyada milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimiz, ota-onani e’zozlash, mehr-oqibat, buyuk madaniy, ma’naviy va tarixiy merosimizni avloddan avlodga yetkazish, saqlash g‘oyalarining aks etayotganini qayd etib, kiritilayotgan normalarni e’tirof etdilar.

Elmurod MIRALIYEV, Quyi Chirchiq tumanidagi 45-sonli maktab direktori:

— Men 18 yildan beri pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullanaman. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, jamiyatni inson, insonni esa ta’lim va tarbiya o‘zgartiradi. Millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish, avvalambor, o‘qituvchilar faoliyatiga bog‘liq. Shu bois, keyingi yillarda yurtimizda o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish, muallim va ustozlarning qadri, sha’ni va g‘ururini tiklash, ularning moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiyada ham davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi belgilanayotgani bizni juda quvontirdi. Biz albatta, bor kuch va imkoniyatlarimizni barkamol avlodni tarbiyalashga safarbar etamiz.

Dilshod TO‘RAYEV, Quyi Chirchiq tumanidagi “Beruniy” MFY ning yoshlar yetakchisi:

— Mahallalarda yoshlar yetakchisi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, muammolarini o‘rganish, yangi iste’dodlarni kashf qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarga sharoit yaratish, huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyat va davlat ishlarida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘ziga majburiyatlarni olmoqda. Mazkur qoidalar yoshlar tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Marhabo ABDULAZIZOVA, Bo‘ka tuman tibbiyot birlashmasi rahbari o‘rinbosari:

— So‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, bu yo‘lda misli ko‘rilmagan ishlar qilindi. Bugun tibbiyotidagi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z hayotida, turmush tarzida chuqur his etmoqda. E’tiborlisi, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘rishi mustahkamlanmoqda.

Tojixon YO‘LCHIBOYEVA, Bo‘ka tumanidagi “Yangihayot” MFY raisi:

— Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida hayotbaxsh islohotlar samaradorligini oshirishda mahallaning o‘rni va mavqeyi yuksalib boryapti. Buni birgina joriy etilgan yangi tizim “beshlik” misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori birlashib, mahallada qanday muammo bo‘lsa, joyida hal etmoqda, yurt taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilib, islohotlar “drayveri” bo‘lmoqda.

Rahim OBIDOV, mehnat faxriysi:

— Yangilanayotgan Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinganidan mahallamiz fuqarolari juda xursand. E’tiborlisi, aholi davlatning g‘amxo‘rligini sezyapti. Yangilanayotgan Bosh qomusimizda ham pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamning miqdorlari eng kam iste’mol harajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyapti, davlatimiz uy-joyli bo‘lish, bepul tibbiy yordam, kasb hunar o‘rganish, yetarli ish haqi va pensiya olish uchun qonuniy imkoniyat yaratishni bo‘yniga olayapti. Mazkur normalar hammamizning kelgusi taqdirimiz uchun juda muhim. Shu bois, oila a’zolarimiz bilan referendumda faol ishtirok etamiz.

www.parliament.gov.uz

Leave a comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *