Joriy yilning 15-mart kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar bilan bog‘liq muhim siyosiy-huquqiy jarayonlar xususida ma’lumot berib o‘tildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi ikki bosqichda xalqning fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganilib, aholining barcha qatlamlari, keng jamoatchilik ishtirokida umumxalq muhokamasi orqali tayyorlangani aytib o‘tildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi chog‘ida jami 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani, har to‘rtinchi taklif loyihada o‘z aksini topgani, muhimi, yangilangan konstitutsiyaning asosiy qismini aynan inson huquqlari va erkinliklariga oid normalar tashkil etgani ta’kidlandi. Kuni kecha Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilinib, unga ko‘ra referendum 2023-yil 30-aprel kuniga tayinlangani aytib o‘tildi.
Muloqot chog‘ida BMTning inson huquqlari bo‘yicha nizom va shartnomaviy organlari orqali mamlakatlarning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishda parlamentning rolini oshirish hamda masalalari yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi.
Oliy Majlis Senati Raisi o‘z so‘zida BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhim o‘rin tutishi, shu nuqtai nazardan, BMTning inson huquqlari sohasidagi faoliyatini boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan asosiy organi hisoblangan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan konstruktiv aloqalarni yanada kengaytirish, xususan parlament a’zolarining inson huquqlari sohasidagi salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan o‘zaro muloqotning manfaatli ekanini ta’kidlab o‘tdi.
O‘z navbatida Folker Tyurk O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash va ayollar huquqlarini ta’minlash borasida erishilgan natijalarni va hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, Oliy komissar O‘zbekistonning mojaro zonalaridan ayollar va bolalarni qaytarish, ularni jamiyatga reintegratsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlariga yuksak baho berib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘plab davlatlar uchun namuna ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, suhbat chog‘ida xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish, ijtimoiy-inklyuziv muhit va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida jamiyatda inson huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish mexanizmlarini ishga solishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.