Joriy yilning 28-fevral kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda senator, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda boshqa bir qator vazirlik va idoralar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlash samaradorligini yanada oshirish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Dunyoda buzg‘unchi to‘dalar va qo‘poruvchi-terrorchi guruhlarning faollashuvi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, siyosiy va millatlararo ziddiyatlarning keskinlashib borayotgani har birimizni sergaklik va ogohlikka chorlaydi.
Zamonaviy geosiyosiy makonda yangicha tendensiyalar paydo bo‘layotgan, integratsiya jarayonlari jadal kechayotgan bir vaqtda dunyoning eng rivojlangan davlatlari chegara idoralari ham boshqa subyektlarning hamkorligisiz mamlakatning chegara xavfsizligini ta’minlay olmasligini e’tirof etmoqda.
Shu bois bugun muhokama qilingan yangi tahrirdagi Qonun bilan Vatanimiz sarhadlarini himoya qilishga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralarning o‘z vakolati doirasida belgilangan vazifalarni bajarishida yuzaga kelayotgan qator muammo va tushunmovchiliklarga barham berilib, ularning o‘zaro hamkorligi masalalari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun 9 ta bob va 73 ta moddadan iborat.
Yig‘ilishda Qonun tashabbuskori ishchi guruh a’zolariga Qonun nimaga xizmat qilishi, unga kiritilayotgan yangiliklar haqida batafsil axborot berdi. O‘z navbatida vazirlik va idoralar muhokama qilinayotgan Qonun bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Muhokamada ishtirokchilar tomonidan qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar bugungi kunda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlash samaradorligini yanada oshirish ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi qayd etildi.
Tadbirda Oliy Majlis huzuridagiQonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi A.Kenjayev ham ishtirok etdi.