2023 yil 9 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulovni qabul qildi.
Muloqot avvalida Qozog‘iston elchisiga keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va tashabbusi bilan barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, davlat boshqaruvida parlamentning roli kuchaytirilayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalishlarda jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urilayotgani haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va siyosiy partiyalar fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.
Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtalar ekan, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari va qat’iy siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston-Qozog‘iston qardoshlik rishtalari rivojida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishilganini qayd etdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi. Ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo muloqot faollashgani, tomonlar qonun ijodkorligi, jumladan, xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi tajribalarni o‘rganish maqsadida muntazam ravishda delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini amalga oshirayotgani ta’kidlandi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda B.Atamqulov qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston — Qozog‘iston o‘rtasidagi aloqalar — parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda bor imkoniyatini ishga solishini bildirdi.
O‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida so‘nggi yillarda mamlakatda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, so‘z erkinligini himoya qilish va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.
www.parliament.gov.uz