Mushohada: Zo‘ravonlik holatlariga befarq qarab bo‘lmaydi – Qonunchilik muammolari instituti
Yangiliklar
Ushbu maqolani yozishga oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan va hamon muhokamasi davom etayotgan yosh qizaloqqa nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik va qotillik jinoyati turtki berdi. Fikrlarni kuzatish jarayonida avvalo, yurtdoshlarimizning bu manfur jinoyatga befarq bo‘lmay, keskin munosabat bildirayotganliklari diqqatni tortadi. Bunday noinsoniy qilmish keng jamoatchilikni larzaga soldi va bu shunga loyiq, albatta. 
E’tibor berilsa, jahonning ko‘pgina davlatlarida xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari alohida toifaga kiritiladi. Chunki bunday holatlar oldini olish ham, ularning oqibatlarini bartaraf etish ham o‘ziga xos farqli jihatlarga ega. Ekspertlar fikricha, uy sharoitidagi zo‘ravonlik va tajovuz bu noxush vaziyatlarning shunday bir turiki, ularga ayollar va bolalar erkaklarga nisbatan ko‘proq duch keladi. Sababi oddiy, ular aynan ayol va ishonuvchan bolalar bo‘lganliklari uchun ko‘p hollarda zo‘ravonlik qurboniga aylanadi. 
BMTning ma’lumotiga ko‘ra, 15 yoshdan oshgan har uchinchi ayol umri  davomida kamida bir marta bo‘lsa ham jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi. Hozirgi globallashuv jarayonida esa zo‘ravonlikning bu turi geografik, ijtimoiy va iqtisodiy chegaralarni buzib o‘tadi. Shu sababli rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda bu illatga barham berish kechiktirib bo‘lmas muammoga aylanib bormoqda va unga qarshi keskin kurashilmoqda. Albatta, bizning yurtimizda ham ushbu jinoyatning oldini olish, ta’bir joiz bo‘lsa, uning payini qirqish choralari ko‘rilmoqda.
 
Qonunchilik asosi takomillashtirilmoqda
Ma’lumki, biron sohada salmoqli natijaga erishish uchun, eng avvalo, uning qonunchilik asoslarini zamon talabi darajasida takomillashtirish talab etiladi. Ana shu hayotiy haqiqat asosida Oliy Majlis Senati tomonidan so‘z yuritilayotgan masalaga doir qonunchilikni takomillashtirish ishlari izchillik bilan davom ettirilayotir.
O‘tgan yilning aprel oyida parlament yuqori palatasi Raisi boshchiligida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan nojo‘ya harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan majlis o‘tkazilib, unda xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik va shilqimlik harakatlari hamda boshqa salbiy holatlar muhokama qilingan edi. Unda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish, ushbu sohani tahlil qilish hamda xalqaro tajribani chuqur o‘rgangan holda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga kelishib olingandi. Shu maqsadda o‘tgan yilning may oyida Respublika gender komissiyasi qoshida ishchi guruh hamda chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib,  bir qator vazifalar belgilab berildi.
Ishchi guruh tomonidan parlament nazorati doirasida xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalasi o‘rganildi. Shu jarayonda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o‘tkazildi. Ayni chog‘da AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya, Bolgariya, Avstraliya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon hamda Markaziy Osiyo davlatlarining bu boradagi qonunchiligi tahlil qilindi.
O‘rganishlar davomida sohani tartibga soluvchi qonunchiligimizda bir qator bo‘shliq va muammoli jihatlar borligi aniqlandi. Masalan, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga oid qator muhim va hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan — jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik, oiladagi zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik kabi tushunchalar qonunchilikda mavjud emasligi ayon bo‘ldi. Vaholanki, bir qator xalqaro hujjatlarda mazkur tushunchalarni milliy qonunchilikka kiritish tavsiya etilgan. 
Qolaversa, voqelik ham qonunchilikni takomillashtirishni, xususan, jinoiy va ma’muriy javobgarlikning maxsus turlarini kiritish, bunday turdagi jinoyatlarga nisbatan yengillashtiruvchi me’yorlarni bekor qilish hamda javobgarlikni yanada kuchaytirishni talab qilmoqda. Agar 2020-yilda 156 ta nomusga tegish jinoyati sodir etilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu 243 taga ko‘tarilgan. Shuning o‘ziyoq xavotirimiz bejiz emasligini ko‘rsatadi.
Xullas, tahlillar hamda o‘rganishlar asosida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoyalashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
birinchidan, amaldagi qonunchilikka:
“jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlik”, “shahvoniy shilqimlik”, “oiladagi zo‘ravonlik”, “g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik” kabi tushunchalarni kiritish;
“ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish” tushunchasini “shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish” tushunchasiga almashtirish;
ikkinchidan, oiladagi zo‘ravonlik, voyaga yetmaganlar tasvirlari tushirilgan pornografik mahsulotlarni tayyorlash, axborot-kommunikatsiya maqsadida foydalangan holda voyaga yetmagan shaxsni yomon yo‘lga solish (onlayn gruming) uchun javobgarlikni belgilash.
Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etganlarni ta’lim olish, tarbiyalanish, davolanish va boshqa turdagi faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarni egallash va faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan umrbod mahrum qilish;
uchinchidan, jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan qonunchilikda ko‘zda tutilgan yengillik bermaslik, xususan, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish choralarini qo‘llamaslik;
to‘rtinchidan, ayollarni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, turmush qurishga majburlash yoki to‘sqinlik qilish, zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilganlar uchun yarashish institutini qo‘llamaslik;
beshinchidan, qonunchilikdagi jinsiy erkinlikka tajovuz qilish jinoyatiga nisbatan og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida qarash va yanada kuchliroq sanksiyalar bilan to‘ldirish;
oltinchidan, ta’qib qilish (stalking) uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash.
O‘ylaymizki, bu takliflar qonunchilikka kiritilsa, so‘z yuritilayotgan toifadagi jinoyatchilikni sezilarli darajada qisqartirish mumkin bo‘ladi. 
 
Ilg‘or xorij tajribasi muhim…
Albatta, xar qanday sohani takomillashtirishda xorijiy tajribani o‘rganish va uni mahalliy sharoitga moslashtirgan holda samarali tadbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. 
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha xotin-qizlar umumiy sonidan 35 foizi, ya’ni har uchinchisi zo‘ravonlikka duch kelmoqda. Bu degani, ushbu muammo jahondagi hech bir davlatni chetlab o‘tmagan, u xoh rivojlanayotgan yoki uchinchi dunyo davlati bo‘lsa ham. Shunga yarasha, bu muammoni bartaraf etish yo‘nalishida ko‘pgina mamlakatlar o‘ziga xos tajriba to‘plagan. Bunda asosiy tamoyil davlat va nodavlat tuzilmalari jamoatchilik bilan doimiy aloqada bo‘lishi shart. Chunki zo‘ravonlik har qanday jinoyat kabi ogohlik va shaffoflikdan “qo‘rqadi”, zo‘ravonning xatti-harakatlari jamiyat tomonidan qoralanishi esa uni to‘xtatishning eng samarali yo‘lidir. 
Shu jihatdan O‘zbekiston ham turli mutasaddi tuzilmalar va jamoat tashkilotlari, jamoatchilikning bu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi xorijiy tajribadan foydalanmoqda. Bu ayniqsa, tegishli yo‘nalishda qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar ustida ishlashda yaqqol namoyon bo‘layotir. 
Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini  oshirish yo‘nalishida ham ilg‘or tajribalar qo‘llanilmoqda. Bu, albatta, juda muhim. Chunki xuddi o‘sha himoya orderi yoki boshqa imkoniyatlardan foydalanish uchun ham zo‘ravonlikka duch kelayotgan xotin-qizlar bu haqida bilishi lozim. Shundagina ular o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqara oladi. 
Shu o‘rinda huquq-tartibot organlari vakillaridan tarkib topgan ishchi guruh tomonidan Turkiyaning mazkur yo‘nalishdagi tajribasi o‘rganib chiqilganligini ham aytib o‘tmoqchimiz. Ma’lum bo‘lishicha, Turkiyada qo‘l telefonlari uchun maxsus “SOS-tugma” mobil ilovasi yaratilgan. Mazkur mobil ilovadan ayollar va voyaga yetmagan bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalashda samarali instrument sifatida foydalanib kelinyapti. Va e’tiborlisi, ayni chog‘da bizda ham bu loyihani tadbiq etish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Amaliy sa’y-harkatlar… 
Respublika gender komissiyasi va qator vazirliklar hamkorligida “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga tibbiy ruhiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha” o‘quv qo‘llanma yaratildi. Bugungi kunda yurtimizda 190 ga yaqin oliy ta’lim muassasi bo‘lib, xotin-qizlar ko‘proq ta’lim oladigan maskanlarda (pedagogika, tibbiyot va x.k) 101 nafar profilaktika inspektori (shundan 14 nafari ayol) xizmat faoliyatini olib bormoqda.
Maktablarda 27-aprel “Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish kuni” deb e’lon qilindi va o‘qituvchilarga mazkur illatga qarshi turish tuyg‘usini singdirishga qaratilgan sa’y-harakatlar davom ettirilayotir. Yurtimizdagi mavjud 10 mingga yaqin maktablarga 2 mingga yaqin profilaktika inspektori biriktirilgan. Ammo shu o‘rinda bir nafar profilaktika inspektoriga 5 ta maktab to‘g‘ri kelayotganligini o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi.
Oilaviy-maishiy zo‘ravonlik va tazyiqni boshidan o‘tkazgan xotin-qizlarga professional, huquqiy, ruhiy yordam ko‘rsatish uchun ijtimoiy tarmoqlarda maxsus kanallar (@Ayollar_himoyasi_bot), (1146), (1102)  ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Qiyin vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga tezkorlik bilan zaruriy yordam ko‘rsatish uchun IIV tizimida 2022-yil 10-yanvardan boshlab qisqa raqamli (1259) “Ishonch markazi” tashkil etildi. 
Adliya vazirligi tomonidan xotin-qizlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish bo‘yicha maxsus onlayn kurslar ishlab chiqildi va “kurslar.huquqiyportal.uz” elektron platformasiga joylashtirildi.
2022-yil mobaynida zo‘ravonlik va tazyiqdan jabrlangan 49 ming 774 nafar ayolga “himoya orderi” berildi. 
Ko‘rinib turibdiki, har qancha chora-tadbir ko‘rilayotganiga qaramasdan real voqelik bizdan yanada hushyor bo‘lishni talab etmoqda. Shunday ekan,  xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy tajovuz qilganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazoni yanada kuchaytirishdan tashqari, bunday shaxslarni aniqlash, ular bilan individual profilaktik ishlarni olib borish, oilada tazyiq va zo‘ravonlik sodir etganlar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish, zarur bo‘lsa, ularni maxsus muassasalarda davolatish, mamlakat bo‘yicha nizoli oilalarni “mahallabay” xatlovdan o‘tkazish, jabr ko‘rgan xotin-qizlarga kunu tun psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
Muxtasar aytganda, zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan ishlarimizni tizimli, har kunlik, har joyda amalga oshiriladigan yumushga aylantirsak, jamiyatimizdan bu illatni bartaraf eta olamiz.
 
Malika QODIRXONOVA,
 Oliy Majlis Senatining 
Xotin-qizlar va gender tenglik
masalalari qo‘mitasi raisi.

Leave a comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *