Joriy yil 19-yanvar kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qo‘mitaning 2022-yildagi faoliyati yuzasidan jamoatchilikka axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, Qo‘mita qonunchilik, nazorat-tahlil faoliyatiga, joylarda aholini qiynab kelayotgan masalalarni ijobiy hal etish va ularga amaliy ko‘mak berish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, qolaversa, joylarda sayyor qabullar tashkil etish kabi ishlarga e’tibor qaratdi.
Xususan, Qo‘mita a’zolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 2 800 dan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi. Joylarda sayyor qabullar o‘tkazildi va 5 000 dan ziyod fuqarolarning muammolari tinglandi. Ko‘plab fuqarolarga huquqiy tushuntirish va yuridik maslahatlar berildi.
Oilaviy sharoiti sababli moddiy yordam so‘rab, ish haqini undirishda yoki kredit mablag‘lari ajratilishida va boshqa ijtimoiy masalalarda amaliy yordam so‘rab qilingan murojaatlar nazoratga olinib, ijobiy hal qilinishi ta’minlangan. Qo‘mita a’zolarining sa’y-harakatlari bilan aliment bilan bog‘liq 100 dan ortiq murojaatlar o‘rganilib, aliment pullari undirib berilgan.
Qo‘mita tomonidan jami 18 ta senator so‘rovi yuborilgan. Hududlar manfaatiga daxldor bo‘lgan 50 ga yaqin masala ko‘rib chiqilgan, ularning 30 ga yaqinini qonunlar tashkil etadi.
Shuningdek, Qo‘mita tomonidan qator qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring o‘tkazilib, ularni takomillashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq takliflar tayyorlandi va Senat Kengashi muhokamasiga kiritildi.
Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tomonidan hududlarda prokuratura faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida o‘rganish va tadbirlar tashkil etildi.
Qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazorat qilinishi yuzasidan Bosh prokurorning hisoboti, huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati hamda norma ijodkorligi faoliyati bo‘yicha adliya vazirining axboroti, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining axboroti eshitildi.
Bundan tashqari, 40 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlarining aholining murojaatlari bilan ishlash holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berilgan.
Majlisda onlayn tarzda ishtirok etgan hududlardan saylangan senatorlar ham olib borgan amaliy ishlari yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi. Bunda ayniqsa, hududlarda fuqarolar manfaatlari bilan bog‘liq masalalar, hal etilayotgan ijtimoiy sohadagi muammolarga alohida e’tibor qaratildi.
Majlis yakunida Qo‘mitaning qarori qabul qilinib, unda joriy yil ustuvor vazifalari belgilab olindi.