Fuqarolarning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan kafolatlari kuchaytirilmoqda – Qonunchilik muammolari instituti
Yangiliklar

Joriy yilning 26-yanvar kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonun manfaatdor tashkilotlar, ekspertlar, olim va mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunga qadar davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda ko‘rsatilib, ma’muriy va fuqarolik ishlarida nazarda tutilmagan hamda yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etishning shaffof mexanizmi ham joriy etilmagan.

Shuningdek, ushbu sohani muvofiqlashtiruvchi yagona organning belgilanmaganligi kam ta’minlangan fuqarolar Konstitutsiyada kafolatlangan malakali yuridik yordamdan to‘liq foydalana olmasligini keltirib chiqarmoqda, korrupsiyaviy omillar paydo bo‘lishiga olib kelib, budjet mablag‘larining sarflanishi ustidan samarali nazorat o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Ushbu Qonun yuqorida qayd etilgan muammolarning yechimi bilan birga inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, fuqarolarga sud jarayonlarida ishonchli himoyalanish imkoniyatini yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Xususan Qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning asosiy tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlari belgilanmoqda.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari, davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasi kengaytirilmoqda.

Shu bilan birga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestrini yuritishning ochiq va shaffof mexanizmlari joriy etilmoqda.

Yana bir muhim jihat axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni inson omilisiz elektron tizim orqali tanlash tartibi kiritilmoqda.

Muhokamalar davomida Qonun yuzasidan joylardan kelib tushgan taklif va tavsiyalar, yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikrlar atroflicha ko‘rib chiqilib, Qonunni bevosita ishlab chiqqan Adliya vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan tushuntirishlar berildi.

Qayd etilganidek, Qonunning qabul qilinishi natijasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi yanada oshadi va malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan kafolatlari kuchaytiriladi, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning shaffof tartibi joriy etiladi hamda Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar sarflanishi ustidan samarali nazorat o‘rnatiladi.

Yig‘ilish yakunida mazkur Qonun yuzasidan muhokamalarni davom ettirishga kelishib olindi.

www.senat.uz

Leave a comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *