Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekanligi nimani anglatadi? – Parlament tadqiqotlari instituti
Maqolalar Yangiliklar

Konstitutsiya lotincha “constitutio”  so‘zidan olingan bo‘lib, «tuzilish», «o‘rnatish» degan ma’nolarni bildiradi.

Yangi O‘zbekistonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur normalar juda chuqur nazariy asosga ega bo‘lib, huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri ekanligini e’tirof etgan xolda uni to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatlaymiz.

Darhaqiqat, Konstitutsiya lotincha “constitutio” so‘zidan olingan bo‘lib, «tuzilish», «o‘rnatish» degan ma’nolarni bildiradi. Konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga ega bo‘lgan yagona siyosiy-huquqiy hujjat hisoblanib, unda inson, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari o‘rnatiladi; davlat hokimiyatining tuzilishi, subyektlari, hokimiyatni amalga oshirish mexanizmi belgilanadi; inson va jamiyatning davlat tomonidan qo‘riqlanadigan huquqlari va erkinliklari mustahkamlanadi.

Konstitutsiya o‘z mohiyati va yuridik tabiatiga ko‘ra boshqa huquqiy hujjatlardan quyidagi muhim jihatlari bilan ajralib turadi:

birinchidan, konstitutsiya maxsus subyekt, ya’ni xalq tomonidan referendum orqali yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilinadi;

ikkinchidan, konstitutsiyaviy qoidalar ta’sis etuvchi, yo‘naltiruvchi, birlamchi ahamiyatga ega;

uchinchidan, konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining keng qamrovliligi bilan tavsiflanadi, ya’ni u nihoyatda muhim va keng ko‘lamdagi ijtimoiy munosabatlar doirasiga ta’sir ko‘rsatadi;

to‘rtinchidan, konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga, ya’ni boshqa qonunlardan ustunlikka, oliy yuridik kuchga, o‘ziga xos muhofaza shakliga, maxsus tarzda qabul qilinish va o‘zgartirilish tartibiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahriri loyihasining III bobi Konstitutsiya va qonunning ustunligi deb nomlanib, mazkur bob uning birinchi bo‘limi, ya’ni, Asosiy prinsiplar bo‘limida joylashgan. Davlat va huquq nazariyasidan ma’lumki, prinsip deganda rahbariy qoidalar nazarda tutiladi. Agar Konstitutsiyaning boshqa bo‘limlari o‘rtasida qandaydir tushunmovchilik kelib chiqadigan bo‘lsa, masala davlat va huquq nazariyasiga ko‘ra asosiy prinsiplarga tayanilib hal qilinishi kerak. Shu ma’noda Konstitutsiya ustunligining Asosiy prinsiplar bo‘limida joylashtiril-ganligi mamlakatimizda mazkur prinsipga ulkan ahamiyat berilayotganidan dalolatdir.

Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchi deganda uni boshqa qonunchilik hujjatlaridan ajratib turuvchi alohida yuridik xususiyati tushuniladi.

Konstitutsiyaning bunday xususiyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

birinchidan, Konstitutsiya qonunchilik tizimida eng yuqori o‘rinda turadi, undan keyin qonun hujjatlari, ya’ni qonunlar va O‘zbekston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari hamda qonunosti hujjatlari (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari; Vazirlar Mahkamasining qarorlari; vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari; mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari) joy egallaydi;

ikkinchidan, qonun hujjatlari va qonunosti hujjatlari Konstitutsiya asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi;

uchinchidan, qonun hujjatlari va qonunosti hujjatlari Konstitutsiya-ning normalari va prinsiplariga zid bo‘lishi mumkin emas;

to‘rtinchidan, Konstitutsiyaning normalari va prinsiplariga zid bo‘lgan qonun hujjatlari va qonunosti hujjatlari bekor qilinadi yoki unga muvofiqlashtiriladi.

Shu ma’noda savol tug‘iladi: Konstitutsiyaning ustunligi va oliy yuridik kuchga ega ekanligi insonga, jamiyatga, davlatga nima beradi? Nega butun dunyoda mazkur prinsipga juda katta e’tibor beriladi? Konstitutsiya ustunligi insonga o‘z huquq va erkinliklarini mone’liksiz amalga oshirish, o‘z hayoti, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari qonunan kafolatlanganligi tufayli tinch, osoyishta, xotirjam, hech qanday tashqi ta’sirlardan, zo‘ravonlik va o‘zboshimchalikdan qo‘rqmay yashash imkoniyatini beradi.

Agar jamiyatda Konstitutsiya ustunligi ta’minlanmasa, odamlarda nafaqat bugungi, balki ertangi kuniga ham ishonch yo‘qoladi, adolat, tenglik, erkinlikka rioya qilinmaydi, kim zo‘r bo‘lsa uning gapi majburiy bo‘lib, inson huquq va erkinliklari buziladi, bunday jamiyatni har qanday ongli odam tark etish choralarini qidiradi, bunday makonda qabohat va zalolat hukm suradi. Konstitutsiya ustunligi ta’minlanmagan jamiyatda iqtisod ham rivojlanmaydi, iqtisodiy islohotlar ham samara bermaydi. Chunki hech kim qonun ishlamagan joyga o‘z mulkini, sarmoyasini kiritishni hoxlamaydi.

Konstitutsiya ustun bo‘lgan davlatda erkinlik, adolat, tenglik kafolatlanadi, hokimiyatning shaxsga ta’siri chegaralanadi, inson huquqlari himoyalanadi, mulk huquqiga rioya qilinadi, odil sudlov mustaqil bo‘lib, samarali amalga oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda “inson-jamiyat-davlat” tamoyilining asosiy o‘zagini Konstitutsiyaning ustunligi va oliy yuridik kuchga ega ekanligi tashkil qiladi hamda davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritishlarini lozimligini anglatadi.

Foziljon Otaxonov,

yuridik fanlar doktori, professor

Leave a comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *